Xalqaro anjuman- ilmiy fikrlar va tajribalar chorrahasida
Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar kasalliklari kafedralari, Ryazan va Gomel tibbiyot Universitetlari hamkorligida 2025-yil “Azimut grand hotel” mehmonxonasida 2025-yil 28 va 29-noyabr kunlari bolalar kasalliklari diagnostikasi va davosining yangi imkoniyatlariga oid IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirib 7 ta mamlakatning 25 ta oliygohlari va ilmiy markazlarining olimlari, tadqiqotchilarni va shifokorlarini yana bir bor bir maydonga jamlandi. Pediatriya sohasidagi eng dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi, innovasion yondashuvlar taqdim etildi, g‘oyalar to‘qnashdi.
Ma’ruzalarda milliy sog‘liqni saqlash siyosati, sun’iy intellekt va zamonaviy diagnostika, semirish va metabolik buzilishlar, respirator kasalliklar va immunologiya, nutrisiologiya va neonatologiya, perinatal va bolalar jarrohligi, gastroenterologiyasi muammolariga bag‘ishlandi. Ushbu konferensiya nafaqat ilmiy maydon, balki tajriba, fikr va innovatsiyalar uchrashuvi bo‘ldi va yangi ilmiy hamkorlikka poydevor qo‘yildi, tadqiqotlar ilmiy jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilindi , yosh olimlar uchun haqiqiy “ilmiy ring” bo‘ldi.
Anjuman doirasida taqdim etilgan – har bir ma’ruzaning mazmuni pediatriya fani rivojida alohida ahamiyatga ega, ilmiy ishlanmalar orasida qo‘yidagi ma’ruzalar ishtirokchilar diqqatini o‘ziga tordi: B.B. Ergashev tomonidan taqdim etilgan “O‘zbekiston tajribasida siam egizaklarini ajratish” mavzusidagi ma’ruza anjuman ishtirokchilariga zavq bag‘ishladi, hayratga soldi. Noyob va o‘ta murakkab jarrohlik amaliyotining muvaffaqiyatli natijasi yurtimiz shifokorlarining yuksak malakasini, jasorat va mas’uliyat bilan ishlashi mumkinligini yana bir bor namoyon qildi. Bu ma’ruza anjumanning haqiqiy “ilmiy sensatsiyasi”ga aylandi. Shu bilan birga, A.V. Alimov, T.A. Bobomuratov va Sh.Sh. Mallayev tomonidan taqdim etilgan “Yuvenil idiopatik artritda sun’iy intellektning diagnostik imkoniyatlari” nomli ilmiy ish zalda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, klinik ma’lumotlarni tahlil qilish, kasallikni erta aniqlash hamda davo taktikasi bo‘yicha prognoz berish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Mutaxassislar bu yondashuvni pediatriyada raqamlashtirishda katta qadam, deb baholashdi. Anjumanning yana bir e’tiborli nuqtasi — F.M. Shamsiyev tomonidan o‘qilgan “Respirator kasalliklarga qarshi kurashning yangi strategiyasi” mavzusidagi ma’ruza bo‘ldi. Spiker nafas yo‘llari va ichak immuniteti o‘rtasidagi bog‘liqlikka oid zamonaviy nazariyalarni, profilaktika va davolashdagi innovasion yondashuvlarni taqdim etdi. Bu ma’ruza respirator kasalliklar profilaktikasining yangi ilmiy konsepsiyasini ochib bergani bois alohida qiziqish bilan tinglandi. X.E. Karabayev bolalar otorinolaringologiyasi sohasidagi muammolarni chuqur yoritib, O‘zbekiston tibbiyoti qanday yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilayotganini ham ravshan namoyon etdi. Taqdim etilgan noyob klinik holatlar, murakkab operatsiyalar va ularning muvaffaqiyatli natijalari shifokorlarimizning mahorat darajasi va mehnatiga yorqin isbotdir. Rossiyalik muallif N.A. Belix vitamin D yetishmasligi bolalarda ortiqcha vazn, insulin rezistentligi va gormonal disbalansga qanday ta’sir qilishini, Metabolizm buzilishlari va vitamin D darajalari o‘rtasidagi bog‘liqlik ochib berilgan bo‘lsa, Qozog‘istonlik spiker N.S. Bo‘jbambayeva ko‘krak suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash, Qirg‘izistonlik L.B. Onalbayeva ko‘krak suti banki-yashab qolish ko‘rsatkichlariga ta’siri ma’ruzalarida ona suti bilan bog‘liq xalqaro standartlar, maxsus dasturlari va milliy amaliyotlar yoritildi. Sut banklarining neonatal markazlardagi samaradorligi, hali yetilmagan va chala tug‘ilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolishdagi roli ilmiy raqamlar bilan asoslanangiligi konferensiyada qatnashgan oilaviy shifokorlar va neonatologlar e’tiborini tortdi. Tabiiyki, bunday ilmiy yangiliklar anjuman ishtirokchilarining chin dilidan e’tibor, qiziqish va yuqori bahosini qozonmay qolishi mumkin emas. Kelgusi yilda ham navbatdagi anjuman yanada keng qamrovli bo‘lishiga shubha yo‘q-spikerlar bilan birga amaliy shifokorlar hamda qiziquvchilar zaldan joy olib” o‘tirgisi keladi.








