Jahon bolalar gastroenterologlarini o‘ylantirayotgan muammo: yallig‘lanib o‘tuvchi ichak kasalliklari zamonaviy tahlili
Bu yil Italiyaning Sorrento shahrida bolalar gastroenterologiyasi sohasidagi eng nufuzli ilmiy anjuman — 7-Xalqaro bolalarda yallig‘lanib o‘tuvchi ichak kasalliklari simpoziumi (PIBD-2025) bo‘lib o‘tdi. Dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va olimlarini birlashtirgan ushbu forumda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Bolalar propedevtikasi kafedrasi dotsentlari N.S. Sultanova va G.S. Avezovalar ishtirok etishdi. Bu safar ular uchun nafaqat katta sharaf, balki ilhom, yangicha ilmiy ruh manbai bo‘ldi.
Yallig‘lanib o‘tuvchi ichak kasalligi — XXI asr pediatriyasining sinovi
Yallig‘lanib o‘tuvchi ichak kasalliklari (YO‘IK) — bolalarda immun tizim faoliyatining buzilishi bilan kechuvchi, ichak devorlarida doimiy yallig‘lanish keltirib chiqaruvchi og‘ir kasalliklar guruhidir. Uning asosiy turlari — Crohn kasalligi va ulcerativ kolit — sog‘lom turmush tarzi yoki ovqatlanish gigiyenasi bilan bevosita bog‘liq emas. Asosiy sabab — organizmning o‘z to‘qimalariga nisbatan noto‘g‘ri immun javob qaytarishi.
Bu kasalliklar nafaqat jismoniy, balki ruhiy va ijtimoiy jihatdan ham bolalarning o‘sish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hozirgi kunda YO‘IKning bolalar orasida ortib borayotgani butun dunyo gastroenterologlarini tashvishga solmoqda.
Kasallikning kelib chiqishida genetik omillar, mikrobiomning buzilishi, atrof-muhit ifloslanishi va avtoimmun jarayonlar asosiy sabab sifatida tilga olinmoqda. Shu bois, dunyo olimlari bugun bu borada interdisiplinar — immunologiya, genetika, pediatriya va mikrobiologiya yo‘nalishlarini birlashtirgan ilmiy izlanishlarga katta e’tibor qaratmoqda.
Simpoziumda shuningdek, biologik preparatlarning yangi avlodi, mikrobiomni muvozanatlashtirish usullari, inflammasonal jarayonlarni nazorat qilish mexanizmlari bo‘yicha so‘nggi yangiliklar ham muhokama qilindi.
Anjumanning bosh maqsadi
PIBD-2025 simpoziumining bosh g‘oyasi — bolalar salomatligi yo‘lida ilmiy tafakkur va insoniy hamkorlikni birlashtirish bo‘ldi. Bu nafaqat ma’ruzalar maydoni, balki global miqyosda fikr, tajriba va qadriyatlar almashinuvining timsoliga aylandi.




