Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan Islom Sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda milliy va ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish, islom tamaddunining jahon ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasini keng targ‘ib etish borasida muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda.
Yaqinda mazkur markazga Toshkent davlat tibbiyot universiteti jamoasi tashrif buyurdi. Shu jumladan, 1-son bolalar kasalliklari propedevtikasi kafedrasi mudiri, professor Bobomuratov Turdiqul Akramovich ham ishtirok etdi. Tashrif davomida universitet professor-o‘qituvchilari markaz faoliyati, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar hamda zamonaviy ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Markazdagi eksponatlar orasida islom olamida tibbiyot, astronomiya, matematika va boshqa fanlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar merosi alohida o‘rin egallaydi. Xususan, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy kabi buyuk mutafakkirlarning ilmiy ishlari yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Professor-o‘qituvchilar markaz faoliyatini yuqori baholab, bu kabi tashriflar talabalarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, kasbiy motivatsiyasini oshirish va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.



